Mehnat kodeksida Mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash prinsiplari nimlardan iboratligini bilasizmi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi mehnat kodeksining 5-moddasida Mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash prinsiplari belgilab berilgan bo‘lib, Mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga muvofiq mehnat erkinligi mehnat shartnomasi erkinligida namoyon bo‘lib, bu quyidagilarni anglatadi:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat shartnomasini tuzishdagi erkinligini. Xodimni va ish beruvchini mehnat shartnomasini tuzishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini ushbu mehnat kodeksida, qonunda yoki ixtiyoriy ravishda olingan majburiyatda ish beruvchining shartnoma tuzish majburiyati nazarda tutilgan hollarda tuzishi shart;
mehnat shartnomasining shartnomaviy (asosiy va qo‘shimcha) shartlarini ushbu shartnoma taraflarining kelishuviga ko‘ra belgilashni;
mehnat shartnomasini xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra o‘zgartirish imkoniyatini;
har qanday mehnat shartnomasini ushbu shartnoma taraflarining kelishuviga ko‘ra istalgan vaqtda bekor qilish imkoniyatini;
xodimning mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor qilish huquqini;
ish beruvchining xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat Kodeksida mehnat shartnomasini bekor qilish uchun nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda va belgilangan tartibga rioya etilgan holda o‘z tashabbusi bilan bekor qilish huquqini;
mehnat Kodeksida yoki boshqa qonunda belgilangan hollarda, mehnat shartnomasida uni bekor qilishning qo‘shimcha asoslarini nazarda tutish imkoniyatini.
Mehnat kodeksiga asosan Majburiy mehnat taqiqlanadi.
Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta’sir choralarini qo‘llash yoki qo‘llash tahdidi tushuniladi.
Mehnat kodeksiga asosan Majburiy mehnat:
harbiy xususiyatga ega bo‘lgan ishlarni yoki «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida muqobil xizmatni o‘tash bilan bog‘liq ishlarni bajarishni;
bajarilishiga favqulodda yoki harbiy holat joriy etilishi sabab bo‘ladigan ishni;
sud qarorlarini ijro etish chog‘ida qonunchilikka rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari nazorati ostida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bo‘yicha jazo sifatida bajariladigan ishni o‘z ichiga olmasligi belgilangan.
Yangiariq tuman adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
boshlig‘i U.Navruzov