Vatanimiz himoyasi va el-yurtimiz tinchiligi yo‘lida halok bo‘lganlarning oila a’zolari qo‘llab quvvatlanadi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 13-mart kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-34-sonli farmoni qabul qilingan edi.
Mazkur farmon bilan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar)ga bir qancha imtiyoz va kafolatlar berildi.
Xususan, 2023 yil 1 apreldan boshlab:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilandi;
harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berildi.
Bulardan tashqari, 2023 yil 1 maydan boshlab:
oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanishi;
oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilishi;
belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanishi;
qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turarjoy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinishi;
halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda) tatbiq etilishi belgilandi.
Huddi shuningdek, 2023 yil 1 iyundan boshlab:
a) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi;
b) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;
v) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga:
ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;
yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.
Yuqorida qayd qilinglanlardan tashqari, mas’ul vazirlik va idoralar Davlat byudjetidan ularga ajratilgan mablag‘lar va byudjetdan tashqari manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolari uchun ularning murojaatlariga asosan:
Respublikamiz hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog‘lomlashtirish;
shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarini (yiliga bir marta), tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalarini olib berish hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlarini qoplash;
og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lganlarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, yiliga bir marta dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasini kompensatsiya qilishni ta’minlash yuklatilgan.
Bulardan tashqari, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi har bir halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oilasini otaliqqa olishlari belgilab o‘tilgan.
Yangiariq tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i U.Navruzov