Xodim bilan kasallik davrida mehnat shartnomasini bekor qilsa bo‘ladimi...
Mehnat Kodeksining 100-moddasi 3-qismiga ko‘ra, xodim vaqtincha mehnatga qobilyatsizlik davrida va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.
E’tibor bering xodim kasal bo‘lgan vaqtda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno. Boshqa asoslarga ko‘ra, 87, 89, 97.1, 97.5, 97.6, 99, 105, 106-moddalar bilan xodim kasal bo‘lgan vaqtda ham mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin.
Ogohlantirish muddati masalasiga kelsak, Mehnat Kodeksi 102-moddasi (Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish) 6-qismiga ko‘ra, xodimni ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobilyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qo‘shilmaydi, mehnatga oid munosabatlarning korxona tugatilganligi natijasida bekor qilinishi bundan mustasno.
E’tibor bering bu yerda ham gap mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish haqida ketyapti. 87-modda (3 kun), 99-modda (2 hafta) lardagi ogohlantirish muddatlari xodim kasal bo‘lsada o‘taveradi.
Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak xodim o‘z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish haqida 2 hafta oldin ogohlantirgan muddat davomida, xodim kasal bo‘lib qolsa ogohlantirish muddati o‘taveradi hamda muddat tugagach xodim kasal bo‘lsada shartnomani bekor qilaverasiz.
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 8-mayda 1136-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) 11-bandiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobilyatsizlik bo‘yicha nafaqa mehnat qobiliyati yo‘qolgan birinchi kundan to u tiklangunga qadar yoki tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) tomonidan nogironlik belgilangunga qadar, hatto bu davrda xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham beriladi.
Yangiariq tuman adliya bo‘limiyuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti R.Egamberdiev