“KONSTITUTSIYANING YAGONA MANBAI VA MUALLIFI – XALQDIR”
Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi – degan norma belgilangan.
Joriy yilning 16-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O`RQ-779-sonli qonuni qabul qilinib, unga asosan O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida Qonuniga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
- Qonunning 1-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda referendumda qabul qilingan qarorlar, agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin – degan norma belgilandi. Oldin faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin edi.
- Qonunning 8-moddaga kiritilgan o‘zgartirishga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda siyosiy partiyalar, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar bilan bir qatorda qatnashish huquqini berdi.
Manfaatdor tashkilotlar, fuqarolar tashabbuskor guruhlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug komissiyalariga referendum o‘tkazilishiga kechi bilan 10 kun qolganida ma’lum qiladilar. Ushbu muddat oldin — 15 kunni tashkil qilgan.
- Endilikda 9-moddaga kiritilgan o‘zgartirishlar kuzatuvchilarga, jumladan, yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalarining joylashtirilishini, shuningdek, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini kuzatish imkonini beradi.
Shuningdek, mazkur modda kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerakligini ifoda etuvchi qo‘shimcha band bilan to‘ldirildi.
- Qonunning 18-moddasi (Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari) avval MSK referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlari va harakatlari ustidan ariza hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilishni ham ko‘zda tutar edi. Endi esa komissiya ovoz beruvchi fuqarolarning va referendum boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno.
- 23-moddaga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, siyosiy partiyalarning a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
- 24-modda referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning a’zolariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lanishini ko‘zda tutgan band bilan to‘ldirildi.
- 25-moddaga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, fuqarolar, shuningdek kuzatuvchilar referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlari ustidan ushbu qaror qabul qilingandan keyin 5 kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. MSKning qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin 5 kun ichida Oliy sudga shikoyat qilish mumkin. Shikoyat kelib tushgandan keyin 3 kun ichida, agar referendumga 6 kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqiladi. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni ko‘rib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.
- Shu bilan birga Qonun referendum o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi nomli IV bob 25−1-modda bilan to‘ldirilmoqda.
- 27-moddaga qo‘shimchada ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish referendumga 5 kun qolganda to‘xtatilishi belgilandi.
- 35−1-moddaga ko‘ra (muddatidan oldin ovoz berish) saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini tegishli uchastka komissiyasining seyfida saqlanadigan yopiq konvertda referendum uchun qoldiradi. Konvert yopishtiriladigan joyda uchastka komissiyasining ikki a’zosining imzolari qo‘yiladi, ular komissiya muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Saylovchining imzosi haqidagi talab moddadan chiqarib tashlandi.
- Yuqoridagi Qonun fuqaroning xorijiy davlatda turgan joyida ovoz berishni tartibga soluvchi 35−2-modda bilan to‘ldirildi.
- 41-moddaga ko‘ra, avval referendumda qabul qilingan qaror O‘zbekistonning butun hududida majburiy bo‘lgan va O‘zbekiston davlat hokimiyati organlarining hujjatlari bilan tasdiqlanishi shart emas edi. Endilikda mazkur qarorni amalga oshirish uchun normativ-huquqiy hujjat qabul qilish zarur bo‘lsa, davlat organi o‘z vakolatlari doirasida qaror kuchga kirgan kundan boshlab 10 kun muddatda mazkur masala va ularni tayyolash davri bo‘yicha hujjatlar ro‘yxatini va normativ-huquqiy hujjatlarni belgilashi shartligi belgilandi.
Barchamizga ma’lumki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.
Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini «jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan g‘oya asosida olib boradi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish borasida vazifalar qo‘yildi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflaringizni bildirishingiz va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmasligingizni so‘rab qolamiz.
Rasulbek IBRAGIMOVXorazm viloyat adliya boshqarmasiyetakchi maslahatchisi