“ODAM SAVDOSI - HUDUD, CHEGARA, MILLAT VA DAVR TANLAMAYDIGAN MUDHISH JINOYATDIR”
Bugungi kunda odam savdosi inson, uning huquqlari, qadr-qimmati, osoyishta hayoti va kelajagiga jiddiy tahdid solayotgan jahon miqyosidagi dolzarb muammoga aylandi. Ushbu global illatga qarshi kurashish yuzasidan mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2008-yil 17-aprelda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va Davlatimiz rahbarining 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xo`sh Odam savdosi o`zi nima?
Mazkur Qonunda odam savdosi jinoyatining tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan bo`lib, Odam savdosi — bu kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o’g’irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to’lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og’dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishni, shuningdek, odamlardan foydalanish maqsadida boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o’xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to’qimalarini ajratib olishni anglatadi.
Odam savdosi qadimdan mavjud bo’lgan jinoyatlardan biridir.
Insoniyat tarixida odam savdosiga qarshi kurashish XIX asr oxiri va XX asr boshlarida xotin-qizlarning Yevropadan Amerika va Shimoliy Afrika qit’alariga keng ko‘lamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Bu hodisaga barham berish maqsadida Parijda 1902 va 1910-yillarda ikkita konferensiya o‘tkazilib, "Oq qullar savdosiga qarshi kurash" nomli butunjahon Konvensiyasi qabul qilingan.
Keyinroq ushbu konvensiya "Ayollar va bolalar savdosini yo‘qotish" va "Voyaga yetgan ayollar savdosini yo‘qotish" nomli butunjahon Konvensiyalari bilan to‘ldirilgan. Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948-yilda "Inson huquqlari" umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan. Shundan so‘ng "Inson huquqlarining Yevropa Konvensiyasi", "Qullik xususida"gi Konvensiya, "Qullikni yo‘qotish amaliyoti to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya, "Bola huquqlari to‘g‘risida"gi Konvensiya, "Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyalar qabul qilinib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanila boshlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2000-yil 15-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi.
Mamlakatimiz qonunchiligida bu kabi jirkanch illat uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Rasulbek IBRAGIMOVXorazm viloyat adliya boshqarmasiyetakchi maslahatchisi