Faxrim va g`ururim gerbim
"O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida"gi Qonun 1992-yil 2-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda so‘l tomonida bug‘doy boshoqlari, o‘ng tomonida ochilgan paxta chanoqlari suvrati tushirilgan chambardan iborat.
Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlug‘ ramzidir.
Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.
Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bandiga "O‘zbekiston" deb yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.
"O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida"gi Qonunning 2-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Ushbu Qonunning O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat esa ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Rasulbek IBRAGIMOVXorazm viloyat adliya boshqarmasiyetakchi maslahatchisi