Nega aholini har 10 yilda bir marotaba ro‘yxatga olish tavsiya etiladi?
Nega aholini har 10 yilda bir marotaba ro‘yxatga olish tavsiya etiladi ?
Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba o‘z aholisini ro‘yxatga olishga da’vat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba o‘tkaziladi.
Xo‘sh, nega aynan 10 yil ?
Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, shu muddat ichida jamiyatda salmoqli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Avvalgi ro‘yxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, so‘rovnomalar mazmuniga tuzatishlar, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash usullariga, zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda, o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.
2015- yilda BMTning “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilinib, 2020- yil raundiga start berilgan edi.
Bu raund 2015- yildan 2025- yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston ham o‘z aholisini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari bo‘yicha 228- bo‘lib BMT tomonidan ro‘yxatga olindi.
Mamlakatimizda 1989- yildan keyin hali biror marta ham aholini ro‘yxatga olish ishlari bajarilmagani e’tiborga olinsa, aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat yo‘qligi oydinlashadi.
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi Axborot xizmati