Xiva shahrida sinov tariqasida ro‘yxatga olish jarayonida xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 11 noyabridan - 20 noyabrigacha bo‘lgan davrda Xiva shahridagi mavjud 21 ta mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi so‘rovnoma usulida savollar varaqalari hamda planshet asosida ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.
Bunda 218 nafar ro‘yxatga oluvchi xodim respondentlar, ya’ni fuqarolarining xonadonlariga tashrif buyurgan holda ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiradilar.
Ro‘yxatga olish ishlarining o‘tkazilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish maqsadida shahar Aholini ro‘yxatga olish shtabi hamda 7 ta ro‘yxatga olish uchastkasi tashkil etilgan.
Ro‘yxatga olish jarayonlarida kuzatuvchi sifatida xalqaro ekspert G.V.Sherbakova (Rossiya), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Statistika qo‘mitasi vakili G.G.Selisheva (Rossiya) , BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili Sh.Akramovalar (O‘zbekiston) ishtirok etishmoqda.
Unutmasligimiz kerakki, har birimizning ushbu tadbirdagi ishtirokimiz mamlakatimizning kelgusidagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilashda hamda 2023- yilda butun respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilishi belgilangan aholini yalpi ro‘yxatga olish tadbiriga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi!
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi Axborot xizmati