Tilimiz haqida ikki og‘iz…
Tilimiz haqida ikki og‘iz…
Bugungi kunda jahonda taxminan 1300 dan ortiq xalq va elat mavjud bo‘lib, ular 6000 ga yaqin tillarda so‘zlashadilar. Har bir til o‘z tarixi, shakllanish jarayoni va jamiyatdagi o‘rni bilan ajralib turadi. Ayrim tillarda oz sonli insonlar so‘zlasha turibdi, ba’zilari esa – ingliz, xitoy, rus, ispan, fransuz kabi tillar – millionlab insonlarning aloqa vositasiga aylangan. Ularning barchasi kelib chiqishi, tipologiyasi, yozuvga ega yoki ega emasligi, shuningdek, so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha bir-biridan farqlanadi.
Turkiy tillar oilasida o‘zbek tili muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda o‘zbek tilida taxminan 30 millionga yaqin inson so‘zlashadi. Ular, asosan, O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mustaqil davlatlarda yashab kelmoqda. So‘zlashuvchilar soni bo‘yicha o‘zbek tili turk va ozarbayjon tillaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi. O‘zbek tili eng qadimiy turkiy tillardan bo‘lib, uning shakllanish tarixi miloddan avvalgi asrlarga borib taqaladi.
Turkiy tillar ichida o‘zbek tili o‘ziga xos mavqega ega. Ushbu tilda jahon madaniy merosiga kirgan “Xamsa”, “Boburnoma”, “O‘tkan kunlar” kabi betakror asarlar yaratilgan. Ayniqsa, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisi sifatida tilimiz taraqqiyotida beqiyos hissa qo‘shgan. U XV asrgacha Osiyo va turkiy elatlar adabiy hayotida asosiy vosita bo‘lib kelgan fors-tojik va arab tillari hukmronligini chekinishga majbur qilgan va o‘zbek tilining rivojlanishiga zamin yaratgan.
O‘zbek tilining shakllanishida asl turkiy tillar, fors-tojik, arab hamda Yevropa tillarining ta’siri sezilarli bo‘lgan. Bugungi kunda esa o‘zbek tili shevalarga boyligi bilan ajralib turadi. Hozirgi o‘zbek tili asosan uch yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: shevalar, adabiy til va kundalik jonli muloqot tili.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Joriy yilda ushbu tarixiy sana 36 yilligini qarshilamoqda. Bu davr mobaynida ona tilimizni saqlab qolish, rivojlantirish va milliy g‘urur timsoli sifatida mustahkamlash yo‘lida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ona tilimiz uchun jonini fido qilgan Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi buyuk ajdodlarimizning xizmatlari xalqimiz xotirasida abadiy saqlanadi.
Zamonaviy globalizatsiya va texnologiyalar rivoji sharoitida ona tilimizga har kuni yangi atamalar, xorijiy so‘zlar kirib kelmoqda. Bu esa tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish va toza saqlash borasida barchamizdan yuksak mas’uliyatni talab qiladi. Ona tilimizni e’zozlash faqat tilshunoslarning emas, balki jamiyatning har bir a’zosining muqaddas burchidir.
Ona tilimizning nufuzi va xalqaro miqyosda tan olinishi yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, 2020-yil 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Ushbu tarixiy voqea o‘zbek tilini xalqaro miqyosda tanitish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi va yurtdoshlarimiz qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan so‘nggi yillarda davlat tili siyosatini rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. “Reklama to‘g‘risida”gi va “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi, tadbirkorlar uchun davlat tili ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Natijada, so‘nggi ikki yil davomida respublikamiz hududida kirill alifbosi va xorijiy tillardagi reklamalarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Shuningdek, davlat idoralari va tashkilotlarida hujjat yuritish jarayonida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon muntazam ravishda nazorat qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab borilmoqda.
Xulosa o‘rnida: Ona tilimiz – millatimizning bebaho boyligi, tariximiz, ma’naviyatimiz va mustaqilligimiz timsolidir. Global o‘zgarishlar davrida o‘zbek tilini asrab-avaylash, uni rivojlantirish va kelgusi avlodlarga boy va toza holda yetkazish — barchamizning muqaddas burchimizdir. Ona tilimizni hurmat qilish, uni hayotimizning har bir jabhasida ustuvor qadriyat sifatida e’zozlash har bir O‘zbekiston fuqarosining sha’ni va vijdon ishi bo‘lishi zarur.
Ishonamizki, ona tilimiz bundan keyin ham xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladi.
Yangiariq tumani hokimining davlat tili
masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Sh.Azimov