Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XORAZM VILOYATI
YANGIARIQ TUMANI HOKIMINING
QARORI
2022 - yil 31 - avgust | 612-12-179-Q/22 | Yangiariq tuman hokimligi |
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1993 y., 9-son, 320-modda) “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun xujjjatlari to‘plami, 2010., 52-son, 508-modda) O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 apreldagi №101-sonli “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi Qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Qonun xujjatlari to‘plami,
2011., 14-son, 138-modda) asosan tuman tasarrufidagi dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirish maqsadida
Q A R O R Q I L A M A N:
1. Tumanda “Dafn etish joylarini saqlash qoidalari” ilova muvofiq tasdiqlansin.
2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tumandagi qabristonlarni zarur darajada saqlash va obodonlashtirish ishlari hamda umumxalq hashari, xotirlash kunlari va boshqa tadbirlari tashkil etib borilsin.
3. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (A.Rajabov) va qabristonlarning ma’muriyatlari:
xizmatlar uchun qat’iyan belgilangan tariflar bo‘yicha hisob-kitob qilgan holda fuqarolarning qabristonda ko‘rsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini o‘z vaqtida va sifatli bajarsinlar;
tumanda qabristonlarning xududida “Dafn etish joylarini saqlash qoidalari”ga hamda boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlasinlar va amalga oshirilgan ishlar hamda qoidalar talablari buzilishi hoatlari yuzasidan har chorakda tuman hokimligiga axborot taqdim etib borsinlar.
4. Yangiariq tuman qurilish bo‘limiga (R.Jumaniyazov), O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Yangiariq tuman bo‘limiga (A.Sapayev) va Yangiariq tuman Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasiga (M.Yaqubov):
qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasi tanlashni shaharsozlik xujjjatlari, gidrogeologik tavsiflar, joy relefining xususiyatlari, tuproq tarkibi, atrof tabiiy muhitga eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan ekologik yuklamalarni hisobga olgan holda aholi punktlari va xududlarni qurish qoidalariga, shuningdek sanitariya me’yorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshirish;
qabristonlarning xizmat ko‘rsatish davri muddatlariga rioya etilishini ta’minlash hamda ishlab turgan va loyihalashtirilayotgan qabristonlarning sanitariya-himoyaash zonasi hududida biron-bir turar joy va jamoat binolarini qurish yoki dafn etish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan noo‘rin foydalanishining oldini olish hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilsin.
5. Ushbu qaror tuman hokimligining rasmiy nashri hisoblangan “Yangiariq ovozi” gazetasida e’lon qilinsin.
6. Tuman hokimligining axborot xizmati bo‘limi (D.Sobirova), tuman hokimligi bosh yuriskonsulti (R.Panjiyev) bilan hamkorlikda;
mazkur qarorni tuman hokimligining yangiarikhokimyat.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirsin;
obodonlashtirish boshqarmasi va tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun mohiyatini aholiga tushintirish ishlarini olib borsinlar.
7. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi bilan tamun hokimining 2015 yil 1 apreldagi №162-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblansin.
9. Ushbu qaror ijrosining nazorati tuman hokimining o‘rinbosari A.Elamonov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi v.b A.Davletov
Yangiariq tuman hokimining
2022 yil 31 avgustdagi
612-12-179-Q/22-son qaroriga
1-ilova
Tumandagi dafn etish joylarini saqlash
QOIDALARI
1. Mazkur qoidalar tuman hududidagi dafn etish joylari (keyingi o‘rinlarda qabriston deb ataladi) va qabr usti yodgorliklari inshootlarini saqlash hamda mahalliy aholi, shuningdek boshqa millatlar va xalqlarning mavjud an’analari, urf-odatlari va udumlariga muvofiq ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi va qabristonlarning ma’muriyati mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni ta’minlaydi:
qabristonlarni har kuni ziyoratlar va dafnlar uchun ochiq bo‘lishi jumladan, diniy konfessiya va mahalliy an’analarga mansubligiga bog‘liq holda ochish va yopish vaqtlari (qabristonning ish jadvali, ziyorat qilish qoidalari) va boshqa
yo‘l-yo‘riq hujjatlarini belgilash;
qabristonga asosiy kirish joyida ma’muriy va boshqa binolar, yo‘llar, xiyobonlar, tarixiy va memorial qabrlar, jamoat hojatxonalari va boshqa ob’ektlarning joylashishini belgilagan holda qabristonning sxematik tarxi, tuman obodonlashtirish boshqarmasi, qabriston ma’muriyati to‘g‘risidagi (manzil va aloqa bog‘lash telefonlari) va boshqa ma’lumotlarni taxtada ko‘rsatgan holda o‘rnatish;
qabristonlar hududida jamoat tartibi va sokinlikni buzish, mast-alast, giyohvandlik hamda boshqa aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi moddalar ta’siri ostida bo‘lish, qabr usti yodgorliklariga va yashil o‘simliklarga shikast yetkazish, shuningdek quruq o‘t, barg, shox-shabba va daraxtlarning shoxchalarini yoqish, mol va boshqa uy hayvonlarini boqish, mevali ko‘chatlar o‘tqazish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘stirishni oldini olish;
yodgorliklardagi yozuvlarning mazmunini nazorat qilish, ularda o‘lim to‘g‘risidagi hujjatlardagi ma’lumotlarga nomuvofiqliklar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, qabrlarni va qabr usti yodgorliklarini ro‘yxatdan o‘tkazish daftarlari hamda dafn etishni amalga oshirish huquqini beradigan barcha hujjatlarni raqamlangan va ip bilan tikilgan holda hujjatlar yig‘ma jildlarini yuritish va belgilangan tartibda saqlash;
bosh xiyobon, asosiy va ikkinchi darajali yo‘llarda to‘siqsiz yurish va o‘tish imkoniyatini (qordan tozalash, muzni parchalash, qum sepish va shu kabilarni) ta’minlash;
eskirgan (qurigan) daraxtlarning ag‘darilishi va qabr usti yodgorliklarini shikastlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning o‘z vaqtida kesilishini ta’minlash;
umumiy foydalanish joylarini toza saqlash, xiyobonlar bo‘ylab maishiy chiqindilar uchun maxsus yashik va qutilar o‘rnatish, maishiy chiqindilarning qabriston hududidan o‘z vaqtida olib chiqilishini ta’minlash;
qabristonning butun hududini har yili kamida ikki marta har tomonlama supurib-sidirishni amalga oshirish;
muhandislik inshootlarining zarur darajada ishlashini ta’minlash, tashqi to‘siq, bino va inshootlar, yo‘llar, muhandislik tarmoqlari va inshootlarining joriy va mukammal ta’mirlanishini amalga oshirish hamda ko‘kalamzorlashtirish;
barcha turdagi yashil o‘simliklarni sug‘orish va parvarishlashni ta’minlash, ularni yangilash, zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlarga qarshi kurashish;
tuman FHDYo bo‘limi tomonidan berilgan, o‘lim to‘g‘risida belgilangan shakldagi tegishli hujjatlar va sud-tibbiy xulosa berish bilan bog‘liq o‘limlarga oid hujjatlar taqdim etilganidan keyin dafn etish uchun joy (uchastka) ishlab turgan qabristonlarda bepul va qat’iyan sanitariyaga doir va boshqa qoidalar hamda me’yorlarga muvofiq fuqarolarga (tashkilotlarga) ularning buyurtmanomalariga ko‘ra ajratish;
marhumlarni go‘r qazish me’yorlari va qoidalariga rioya etgan holda dafn etishni ta’minlash;
qabrning ro‘yxat raqamini ko‘rsatilgan beton ustunga o‘rnatish;
anjomlarning (belkurak, panshaxa, paqir, xokandoz, supurgi, zambil va hokazolarning) yetarli miqdorda bo‘lishini va ularning fuqarolarga qabrlarga qarash uchun bepul (tilxat bilan) berilishini ta’minlash;
qabristonda zarur darajadagi tartibni ta’minlash bo‘yicha, shu jumladan umumxalq hashari, xotirlash kunlari va boshqa tadbirlarni tashkil etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin aloqada bo‘lish;
xizmatlar uchun qat’iyan belgilangan tariflar bo‘yicha hisob-kitob qilgan holda fuqarolarning qabristonda ko‘rsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibiga, hududni ko‘kalamzorlashtirish uchun daraxt va butalarning turlarini to‘g‘ri tanlashga rioya etilishini nazorat qilish;
qabr atrofida metalldan yasalgan va boshqa to‘siqlarni o‘rnatish (o‘simliklardan iborat yashil to‘siqlardan tashqari), qo‘shni qabrlarning hududlarini va bo‘sh yer uchastkalarini egallab oladigan qabr usti yodgorliklarini barpo etishni taqiqlash;
dafn etilganning qarindoshlariga eskirib ketgan qabr usti yodgorligi to‘g‘risida yozma xabar qilish va uni tuzatishni talab qilish;
yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, yong‘inga qarshi shitlarni zarur miqdorda yong‘inga qarshi anjomlar bilan butlash.
qabr usti yodgorliklarining saqlanishini ta’minlash, ular o‘g‘irlangan, buzilgan, vayron qilingan taqdirda huquqni muhofaza qilish organlarini va yodgorliklarning egalarini xabardor qilish;
go‘r qazuvchi ishchilar hamda marhumlarni yuvuvchi va kiyintiruvchi ishchilarga sanitariya qoidalarini hamda diniy va mahalliy an’analarni hisobga olib me’yorlarni qat’iyan bajargan holda ishlarni bajarishning xavfsiz usullarini o‘rgatishni tashkil qiladi.
3. Qabriston xizmatlaridan foydalanuvchi fuqarolar (tashkilotlar)ning huquqlarga va majburiyatlari:
tegishli diniy konfessiya qabristonida vafot etgan yaqinlari va qarindoshlarini dafn etish uchun bepul uchastka olish hamda qabrga va qabr usti yodgorliklariga qarash uchun qabriston anjomlaridan bepul foydalanish;
sanitariya qoidalari hamda boshqa qoidalar va me’yorlarga zid bo‘lmagan diniy marosimlar va mahalliy an’analarga rioya etgan holda dafn etish udumini bajarish;
dafn etishni amalga oshirgan fuqarolar va tashkilotlar qabrlar hamda qabr usti yodgorliklarini zarur holatda saqlash;
marosim xizmatlaridan foydalanish va ularga belgilangan tariflar bo‘yicha haq to‘lash;
buyurtirilgan xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini qabriston ma’muriyatidan talab qilish;
tuman obodonlashtirish boshqarmasi bilan kelishgan holda yaqinlari va qarindoshlarining qabrlariga qabr usti yodgorliklari o‘rnatish.
qabr usti yodgorliklarining o‘lchamlari va joylashtirilishi, shuningdek daraxt va butalar o‘tqazish oldindan qabriston ma’muriyati bilan kelishadi.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organi mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni ta’minlashi shart:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va diniy tashkilotlarning takliflarini hisobga olgan holda ekologik ekspertiza va sanitariya-gigiena xulosasi mavjud yangi qabristonlarni barpo etish va ishlab turganlarini qayta qurish hamda ko‘chirish (yopish) ishlarini yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, belgilangan tartibda qarorlar bilan rasmiylashtirish;
yopilgan qabristonlarga dafn etish, shu jumladan eski qabrga dafn etishni taqiqlash;
taniqli davlat arboblari va rahbarlarning qabrlari, qabr usti yodgorliklarini, tarixiy obidalar ro‘yxatini tasdiqlash. Mahalliy byudjet mablag‘laridan ularni namunali tartibda saqlashni amalga oshirish;
qabristonlarni ko‘kalamzorlashtirish — qabriston hududi atrofida yashil zona barpo etish, xiyobonlar, yo‘llar, maydonchalar bo‘ylab daraxtlar, butalar va yashil ihota o‘simliklari ekishni mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
aholi punkti uchun qabristonga yer uchastkalari uning hududidan tashqarida, ya’ni qo‘shni tuman (shahar) hududida berilgan hollarda loyihalash, qurish, saqlash va foydalanish bo‘yicha barcha xarajatlar qabriston joylashgan joy tumanning mahalliy byudjeti hisobiga, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirish;
xayr-ehsonlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish uchun boshqarma vakili (buxgalter), qabriston nazoratchisi, hududida qabriston joylashgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi (mahalla qo‘mitasi) vakilidan iborat tarkibdagi komissiya (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi)ni tegishli tartibda qarorlar bilan tashkil etadi.
5. Yangiariq tuman qurilish bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Yangiariq tuman bo‘limi va Yangiariq tuman Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni ta’minlaydi:
ilgari qabristonlar joylashgan hududlardan, ular ko‘chirilgan paytdan boshlab yigirma yil o‘tgandan keyin foydalanishga ruxsat berilgandan so‘ng mazkur hududlardan faqat manzarali yashil o‘simliklar o‘tqazish uchun foydalanishni hamda ushbu hududlarda bino va inshootlar qurish oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasini tanlash shaharsozlik hujjatlari, gidrogeologik tavsiflar, joy relefining xususiyatlari, tuproq tarkibi, atrof tabiiy muhitga eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan ekologik yuklamalarni hisobga olgan holda aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga, shuningdek sanitariya me’yorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshirilishini hamda dafn joyining belgilanmagan uzoq muddat mavjud bo‘lishini ta’minlash;
qabristonlarda yashil o‘simliklarni muhofaza qilish bo‘yicha zarur hollarda biologik va kimyoviy tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.
6. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirishga yuridik va jismoniy shaxslarning xayr-ehsonlarni yig‘ish, hisobga olish va ulardan maqsadli foydalanishni tashkil etish bo‘yicha mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni ta’minlaydi:
yuridik va jismoniy shaxslarning xayr-ehsonlaridan (pul mablag‘lari, tovar-moddiy boyliklar berish, shuningdek ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) qabriston hududini saqlash va obodonlashtirish joriy va mukammal ta’mirlash maqsadlarida foydalanish;
xayr-ehsonlarni yig‘ish uchun qabriston hududida maxsus ajratilgan joylarda plombalangan turg‘un metall yashiklar (qutilar)ni qo‘riqlash, qabristonning xizmat ko‘rsatuvchi xodimi zimmasiga yuklash;
jismoniy shaxs tomonidan naqd pul mablag‘lari tarzidagi xayr-ehsonlar ismini oshkor etmasdan yoki (jismoniy shaxsning xohishiga ko‘ra) ushbu jismoniy shaxs bilan boshqarma o‘rtasida tuziladigan ixtiyoriy xayr-ehson qilish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan beradi.
7. Tuman moliya bo‘limi va tuman G‘aznachilik bo‘limi xayr-ehsonlarni jamg‘arish ijrosi bo‘yicha nazoratni mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlariga asosan olib boradi.
8. Qabristonlarni yopish to‘g‘risidagi qarorlar majburiy tartibda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Ushbu turdagi qarorlar ijrosi bo‘yicha va tashkiliy ishlar rejasini tegishli ijrochilarga hamda aholi punktlariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali ham yetkaziladi.